May oyida respublika bo‘yicha 20,6 milliard so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish jolatlari aniqlandi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi.
Maʼlum qilinishicha, 2023-yilning may oyida Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 135 ta holatda isteʼmolchilar tomonidan 23 mln kVt/soat elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan. Buning natijasida tizimga 20,6 mlrd so‘m zarar keltirilgan.
Noqonuniy foydalanishning eng ko‘p holatlari Samarqand, Jizzax va Buxoro viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Jumladan, Samarqand viloyatidagi “Ch. Z. D.” fermer xo‘jaligida 1,7 mlrd so‘m, Jizzax viloyatidagi ilmiy-tajriba stansiyasida 442,9 mln so‘m, Buxoro viloyatidagi “T. K.” MCHJda 324 mln so‘m miqdoridagi qayta hisoblash ishlari amalga oshirildi.
Qayd etilishicha, qoidabuzar isteʼmolchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan


