O‘zbekistonda endi norasmiy bandlik holati aniqlansa, ish beruvchilar Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan ogohlantiriladi va ularga belgilangan muddat ichida vaziyatni tuzatish imkoniyati beriladi.
Hokim yordamchisi xatlovi asosida aniqlangan norasmiy bandlik holatlari “Yagona milliy mehnat tizimi” IDAK orqali ish beruvchilarning shaxsiy kabinetlariga ogohlantirish xati sifatida yuboriladi. Ish beruvchi aniqlangan holatni 3 kun ichida bartaraf qilishi shart. Qonunbuzarlik ixtiyoriy ravishda bartaraf etilmasa, inspeksiya tekshiruv o‘tkazish huquqiga ega bo‘ladi.
Norasmiy bandlik holati aniqlangan kundan boshlab 1 oy ichida ish beruvchi xodimlar bilan rasmiy mehnat shartnomasini tuzib, hisoblangan oylik ish haqlarini to‘liq to‘lasa, ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi.
2026-yil 1-martdan boshlab tadbirkorlarning barqarorlik reytingi aniqlanayotganda tasdiqlangan norasmiy bandlik holatlari va xodimlarga to‘lanadigan ish haqlari me’yoridan past bo‘lsa, reyting ballari kamaytiruvchi qo‘shimcha mezon sifatida hisobga olinadi.
Avvalroq mamlakatda 4 milliondan ortiq ishchi davlatga soliq to‘lamay, “konvert” orqali oylik olayotgani ma’lum qilingandi. Shu bois, qurilish tashkilotlarining “Shaffof qurilish” platformasidagi reyting ballari ham norasmiy bandlik holatlari sababli kamaytirilishi e’lon qilingan.


