Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi joriy yil noyabr oyi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston avtomobil bozorining holatiga doir yangilangan tahlilni e’lon qildi.
Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil noyabr oyida avtotransport vositalarining barcha toifalari bo‘yicha jami savdolar hajmi 101,1 ming donani tashkil etgan. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6 foizga yuqori.
Hududlar kesimida yengil avtomobillar savdosining eng yuqori o‘sish sur’atlari Toshkent shahrida (+33,7 foiz) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida (+8 foiz) qayd etilgan.
Birlamchi bozorda yengil avtomobillar savdosi yillik hisobda 15 foizga oshgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning noyabr oyiga nisbatan qariyb 4,4 ming dona ko‘p avtomobil sotilganini anglatadi.
Mahalliy ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar segmentida realizatsiya hajmi taxminan 30 ming donani tashkil etgan va yillik hisobda 13,6 foizga o‘sgan.
Xorijda ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar savdosi esa 5 ming donaga yaqin bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22,5 foizga yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan.
Ikkilamchi avtomobil bozorida noyabr oyida taxminan 52 ming dona foydalanilgan yengil avtomobil realizatsiya qilingan. Mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8 foizga kamaygan.
Shu bilan birga, Toshkent shahrida foydalanilgan avtomobillar savdosi 1,4 barobarga oshib, o‘tgan yil noyabr oyiga nisbatan 3,4 ming dona ko‘p avtomobil sotilgan.
Bundan tashqari, ikkilamchi bozorda elektromobillar savdosi yillik hisobda 1,8 barobarga oshgani qayd etilgan.


