Endilikda, onlayn savolnomalarni faqat bir kishi nomidan to‘ldirib, bir xonadonda yashovchi boshqa a’zolarni kiritmagan fuqarolar tizim tomonidan avtomatik ogohlantiriladi. Qonunchilikka muvofiq, qarindoshlik darajasidan qat’i nazar, bir xonadonda yashovchi barcha shaxslar ro‘yxatga birga olinishi majburiy hisoblanadi.
Shuningdek, mavjud yer maydonlari, yetishtirilayotgan mahsulotlar, qoramol va parranda soni kabi ma’lumotlarni to‘liq ko‘rsatmaslik holatlari ham tizim orqali aniqlanadi va ogohlantirish yuboriladi.
Onlayn ro‘yxatdan o‘tgan va sertifikat olgan fuqarolardan platformaga qayta kirib, sertifikat oynasidagi ogohlantirishlarni diqqat bilan tekshirishlari so‘ralmoqda. Agar xatolik mavjud bo‘lsa, savolnomani qayta to‘ldirish tavsiya etiladi. Aks holda, 4–28 fevral kunlari mahalla vakillari tomonidan qayta ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari amalga oshiriladi.
Ma’lumotlarning to‘liqligi va aniqligi aholining va qishloq xo‘jaligining haqiqiy holatini belgilash uchun zarur bo‘lib, ushbu ma’lumotlar asosida ta’lim, tibbiyot, ijtimoiy himoya va infratuzilma sohalarida to‘g‘ri qarorlar qabul qilinadi. Shu bois barcha fuqarolar onlayn ro‘yxatdan o‘tishda savollarga mas’uliyat bilan, to‘liq va to‘g‘ri javob berishga chaqirilmoqda.


