18-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hibsda saqlanayotgan shaxslarning huquqlarini kengaytirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi.
Mazkur hujjat tergov hibsxonalaridagi sharoitlarni takomillashtirish va amaldagi tartiblarni xalqaro standartlarga yaqinlashtirishga qaratilgan.
Qonun loyihasida quyidagi asosiy o‘zgarishlar nazarda tutilmoqda:
Dam olish va bayram kunlari ochiq havoda sayt qilish va mashq qilish vaqti uzaytiriladi.
Hibsda saqlanuvchilarga ushbu kunlarda kamida ikki soat sayr va jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish imkoniyati beriladi. Hozirgi tartibga ko‘ra sayr vaqti kamida bir soatni tashkil etadi.
Moliyaviy xarajatlar limiti kengaytiriladi.
Amaldagi tartibga ko‘ra hibsda saqlanayotgan shaxslar xarajatlarini eng kam oylik ish haqining 50 foizigacha — 635 500 so‘mgacha sarflashi mumkin.
Qonun qabul qilinsa, bu limit eng kam oylik ish haqining 100 foizi — 1 271 000 so‘mgacha oshiriladi.
Qonun loyihasi shuningdek, tergov izolyatorlaridagi turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan qator normalarni belgilaydi.
Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsmanning ta’kidlashicha, mazkur o‘zgartirishlar insonparvarlik tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qiladi hamda milliy qonunchilikni xalqaro tajriba va standartlarga moslashtirishga yordam beradi.


