1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

O‘zbekistonda bir qator bojxona postlari yopiladimi?

Bojxona qo‘mitasi ayrim bojxona postlari yopilayotgani haqidagi xabarlarga izoh berdi.

O‘zbekistonda bir qator bojxona postlari yopiladimi?

Avvalroq O‘zbekistonda “Bobotog‘” bojxona punkti, “Uchturg‘on” chegara bojxona posti, “Pop” chegara bojxona posti, “Rovot” chegara bojxona posti, “Rishton” chegara bojxona posti, “Bekobod avto” chegara postlari faoliyati tugatilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi.

 

Unga ko'ra, joriy yildan boshlab mazkur chegara o‘tkazish punktlarida sinov tariqasida avtotransport vositalarini ko‘zdan kechirish ishlari faqat chegara qo‘shinlari tomonidan amalga oshiriladi.

 

Shuningdek, Masofaviy elektron deklaratsiyalash (MED) tizimi faoliyati qayta tashkil etiladi. Jumladan, Andijon, Buxoro, Namangan, Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlaridagi MED bojxona postlari faoliyati to‘xtatiladi.

 

Tugatilayotgan bojxona postlarining shtat birliklari “Bojxona rasmiylashtiruvi markazi”ga, shuningdek ish hajmi yuqori bo‘lgan boshqa bojxona postlariga o‘tkazilishi belgilangan.

 

Mazkur xabarlar yuzasidan Zamon.uz nashri Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev bilan bog‘landi. Uning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 17-dekabrdagi PF–250-sonli “Bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirish hamda samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, 6 ta bojxona posti va punktida sinov tariqasida 2026-yil 31-dekabrga qadar avtotransport vositalarini ko‘zdan kechirish ishlari chegara qo‘shinlari tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.

 

Bu esa mazkur bojxona postlari tugatilishini anglatmaydi. Aksincha, bir-birini takrorlovchi funksiyalarni qisqartirish hisobiga ayrim bojxona nazorati tartib-taomillarining chegara qo‘shinlariga o‘tkazilishini nazarda tutadi.

 

Shu munosabat bilan Bojxona qo‘mitasi jamoatchilikni noto‘g‘ri va tasdiqlanmagan xabarlar bilan chalg‘itmaslikka chaqirdi.

 

Ta’kidlanishicha, mazkur chegara bojxona postlari o‘z faoliyatini davom ettiradi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика