Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, savdo sohasi mutaxassislari mehnat bozorida eng talabgor hisoblanadi. Jumladan, onlayn savdo sohasida faoliyat yurituvchilarga ehtiyoj yuqori. Savdo korxonalarining ulushi respublika bo‘yicha 32,5 foizni tashkil etgani bu talabni asoslaydi.
Qishloq xo‘jaligi va sanoat sohalarida ham talab yuqori. Mexaniklar, agronomlar, traktor haydovchilari kabi mutaxassislarga ehtiyoj sezilarli. Shuningdek, tikuvchilar va to‘quvchilarga talab oshgan.
Ta’lim sohasida chet tillar, matematika va IT o‘qituvchilari eng talabgorlar qatoridan o‘rin oldi. Davlat va xususiy sektorlarda esa buxgalterlar, marketologlar, IT dasturchilar va kadrlar bo‘yicha mutaxassislarga ehtiyoj saqlanib qolmoqda. Malaka talab etmaydigan farrosh va bog‘bonlarga bo‘lgan talab yuqoriligi ham qo‘nimsizlik darajasi bilan bog‘liq ekani qayd etilgan. Institut kasblar doirasini kengaytirishni va natijalarni jamoatchilikka yetkazishni maqsad qilgan.


