O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida ilm-fan va innovatsiyalarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi tashkil etiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 9-fevral kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yangi akademiya tarkibiga sohadagi 22 ta ilmiy markaz, 260 ta laboratoriya hamda 2,5 mingdan ortiq olim va ilmiy xodimlar birlashtiriladi. Ushbu yagona tizim agrar ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish va innovatsiyalarni amaliyotga joriy etishni jadallashtirishga xizmat qiladi.
Akademiya faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida biotexnologiya va molekulyar biologiya, gen injeneriyasi, gibrid urug‘chilik, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, kosmik va dron texnologiyalari, tuproq unumdorligini tiklash, organik dehqonchilik, oziq-ovqat xavfsizligi, veterinariya hamda raqamli qishloq xo‘jaligini rivojlantirish belgilanishi rejalashtirilmoqda.
Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi uchun malakali kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Hozirda Toshkent davlat agrar universitetida 13,6 ming talaba tahsil olayotgani, ammo bitiruvchilarning atigi 55 foizi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlayotgani qayd etildi. Shu bois ta’lim, ilmiy tadqiqot va ishlab chiqarishni uzviy bog‘laydigan yangi tizim joriy etiladi.
Kelgusida minglab talabalar agroklasterlar, ishlab chiqarish korxonalari va ilmiy-tadqiqot institutlarida amaliyot o‘tashi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, ayrim ta’lim yo‘nalishlarida o‘qish muddati 4 yildan 3 yilga qisqartiriladi, talabalar agrodronlardan foydalanish va qishloq xo‘jaligi texnikalarini boshqarish bo‘yicha ham tayyorlanadi.


