O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi yerlarida suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish va suv isrofini kamaytirish maqsadida nazorat mexanizmlari kuchaytirilmoqda. Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligi va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga ekin maydonlarida suvdan foydalanish jarayonini monitoring qilish uchun uchuvchisiz uchish apparatlaridan (dronlardan) foydalanishga ruxsat beriladi.
Qayd etilishicha, inspeksiyaning hududiy bo‘linmalarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hamda suvdan foydalanishni monitoring qilishga mas’ul bo‘limlar tashkil etiladi. Shuningdek, tadbirkorlik subyektlarida o‘tkaziladigan tekshiruvlar jarayonida yonkameralardan foydalanish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Suv tejovchi texnologiyalardan maqsadli foydalanish ustidan nazorat kuchaytiriladi. Xususan, subsidiya ajratilgan va suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan yer maydonlarida ushbu uskunalar yoki ularning asosiy qismlaridan foydalanmasdan an’anaviy sug‘orish usullarini qo‘llash suvdan o‘zboshimchalik bilan foydalanish sifatida baholanadi.
Bundan tashqari, sholi yetishtiriladigan hamda baliqchilik xo‘jaliklari joylashgan hududlarda suvni boshqarish va hisobini yuritishni takomillashtirish maqsadida “aqlli” suv o‘lchash va hisoblash qurilmalari o‘rnatiladi. Ushbu vositalar “Suv hisobi” axborot tizimiga integratsiya qilinadi.
Fermer xo‘jaliklarining huquq va manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish maqsadida “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan suv tejovchi texnologiyalarni o‘rnatish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan sudlarga da’vo arizalari kiritilganda davlat boji undirilmasligi taklif etildi.
Shuningdek, ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish rejalari taqdim etildi. Jumladan, “Suvchilar maktabi” loyihasi doirasida joriy yilda 10 ming nafar fermer xo‘jaligi xodimining malakasi oshiriladi, 358 nafar suv xo‘jaligi mutaxassisi xorijda malaka oshiradi.
Bundan tashqari, suv tejovchi texnologiyalarni bank kreditlarisiz, o‘z mablag‘lari hisobidan joriy etayotgan tashabbuskorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida subsidiya ajratishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu tizimga ko‘ra, loyiha-smeta hujjatlari va ta’minotchi korxona bilan tuzilgan shartnoma asosida subsidiya mablag‘larining 50 foizi Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan oldindan ajratiladi.


