O‘zbekiston musulmonlari idorasining oyni kuzatish bo‘yicha ishchi guruhining ilmiy izlanishlari, tajribali astronomiya markazlari va nufuzli fatvo hayʼatlaridan olgan maʼlumotlariga ko‘ra, hijriy 1444-yil Zulhijja oyining yangi oy fazasi (hiloli) milodiy 2023-yil 18-iyun kuni quyosh botgandan so‘ng sodir bo‘lgan (tug‘ilgan).
Maʼlum qilinishicha, hijriy-qamariy yil hisobi bo‘yicha Zulhijja oyining 10-kuni Iydul Azho – Qurbon hayitining birinchi kuni hisoblanadi.
Musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi islom dini taʼlimotlari va mazkur maʼlumotlarga asoslangan holda O‘zbekistonda Qurbon hayitining birinchi kuni 28-iyun kuniga to‘g‘ri kelishi haqida qaror qabul qildi.


