Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 noyabr kuni intellektual mulk, arxiv ishi va yuridik ta’lim sohalarini rivojlantirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Unda sohaga oid islohotlar, jumladan, BMTning Intellektual mulk tashkiloti bilan hamkorlikda yangi milliy strategiyani ishlab chiqish rejalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda arxiv tizimini modernizatsiya qilish masalalari alohida ko‘rib chiqildi. Mamlakat arxivlarida mavjud 16 milliondan ortiq hujjatning hozircha yiliga atigi 2 foizi raqamlashtirilayotgani ta’kidlandi. 2030 yilga borib ushbu ko‘rsatkichni 60 foizga yetkazish, noyob hujjatlarni to‘liq raqamlashtirish hamda RFID texnologiyalari orqali hujjatlarni hisobga olish tizimini joriy etish rejalashtirilgan.
Taqdimotda “Shajara” nomli yangi axborot tizimini yaratish taklifi ilgari surildi. U fuqarolarga tug‘ilish, nikoh, o‘lim va boshqa ma’lumotlar asosida o‘z nasab daraxtini shakllantirish, shuningdek, genetik ma’lumotlardan foydalangan holda uzoq qarindoshlarni aniqlash imkonini beradi. Shu bilan birga, yuridik ta’limda duallik, yangi yo‘nalishlar ochish va amaliy mashg‘ulotlar ulushini oshirish bo‘yicha rejalar ham e’lon qilindi.


