O‘zbekistonda sunʼiy intellektga asoslangan “aqlli” migratsiya nazorat punktlarini joriy etish bo‘yicha yangi tizim sinovdan o‘tkaziladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 2026-yil 1-maydan boshlab respublikada o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan, sunʼiy intellekt texnologiyalariga asoslangan immigratsiya nazorat punktlari bosqichma-bosqich ishga tushiriladi. Sinov tariqasida dastlabki nazorat punktlari Toshkent shahri, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida tashkil etiladi.
Mazkur innovatsiyaning asosiy maqsadi migratsiya sohasini raqamlashtirish, inson omilini kamaytirish va byurokratik tartib-taomillarni soddalashtirishdan iborat. Ichki ishlar vazirligi ushbu punktlar orqali fuqarolar va xorijiy shaxslarga ko‘rsatiladigan xizmatlar turini bosqichma-bosqich kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, 2026-yil may oyidan boshlab Migratsiya departamenti va uning hududiy bo‘linmalariga elektron kirish vizalarini bir martalik tarzda 30 kungacha uzaytirish vakolati beriladi. Bundan tashqari, ushbu organlar xorijiy fuqarolarga ishlash uchun ruxsatnoma berish huquqiga ega bo‘lib, bu mehnat bozorida mutaxassislarni qonuniylashtirish jarayonini tezlashtiradi.
Talabalar uchun ham qulayliklar joriy etiladi. Xususan, 2026-yil 1-sentabrdan boshlab talabalar yotoqxona bilan shartnoma tuzgach, yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish jarayoni avtomatik tarzda amalga oshiriladi.


