Prezidentning 2026-yil 5-fevraldagi qaroriga muvofiq, O‘zbekistonda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar joriy etiladi. Mazkur hujjat qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni keng qo‘llashni rag‘batlantirish va suvdan oqilona foydalanishni ta’minlashga qaratilgan.
Qarorga ko‘ra, 2027-yildan boshlab suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari hamda subsidiya miqdori sug‘oriladigan yerlarning suv bilan ta’minlanganlik darajasiga qarab belgilanadi. Suv bilan yetarli ta’minlanmagan hududlarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etgan xo‘jaliklarga ajratiladigan subsidiyalar 1,25 barobar oshiriladi.
Aksincha, suv bilan yaxshi ta’minlangan hududlarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etmagan xo‘jaliklar uchun suvdan foydalanganlik solig‘i ikki barobar miqdorda qo‘llaniladi. Bu orqali suv resurslaridan samarali foydalanish va ortiqcha sarfning oldini olish maqsad qilingan.
Shuningdek, 2027-yildan boshlab sholi maydonlari va baliqchilik xo‘jaliklarida suv kirish va chiqish nuqtalariga tadbirkorlar hisobidan “aqlli” suv o‘lchash qurilmalarini o‘rnatish majburiy bo‘ladi. Agar ushbu qurilmalar o‘rnatilmasa, suvdan foydalanganlik uchun soliq stavkasi ikki barobar oshiriladi.


