O‘zbekistonda yil boshida rejalashtirilgan limitdan 116 foiz ko‘p suv ishlatildi. Bu haqda Suv xo‘jalik vazirligi matbuot kotibi rahbari Shuhrat Suyunov AOKAda o‘tkazilgan brifingdagi hisobotida ma’lum qildi. Joriy yilda kuzatilayotgan suv tanqisligining salbiy ta’sirini yumshatish maqsadida Vazirlar Mahkamasining “2022 yilda kutilayotgan suv tanqisligi sharoitida qishloq xo‘jaligi ekinlarini suv bilan ishonchli ta’minlashga qaratilgan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2022 yil 10 maydagi 243-son qarori qabul qilingan. Ushbu qarorga muvofiq, Suv xo‘jaligi vazirligi yirik suv taqsimlash inshootlari hamda hududlarda 769 ta sug‘orish shtabi tashkil etilgan. 1469 ta ko‘chma dizel va boshqa turdagi nasos agregatlari qo‘shimcha suv olish uchun kollektor-drenaj tarmoqlariga o‘rnatilib, foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Tahlillarga ko‘ra, respublikadagi qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarini sug‘orish uchun 2022 yilning 1 aprelidan 10 avgustigacha 21 mlrd 419 mln metr kub suv olish limiti ajratilgan bo‘lib, amalda 22 mlrd 269 mln metr kub (104 foiz) suv olingan. Respublika bo‘yicha kunlik sug‘orish ishlariga 2146 m3/sek suv olish limiti ajratilgan, amalda esa 2486 m3/sek (limitga nisbatan 116 foiz) suv yetkazib berilmoqda. Bugungi kunda respublika suv omborlarida jami 9,6 mlrd m3 yoki o‘tgan yilga nisbatan 1,5 mlrd m3 ko‘p suv zaxirasi mavjud.