Vazirlar Mahkamasi qarori bilan o‘rta maxsus, kasbiy, oliy va oliy ta’limdan keyingi bosqichdagi, shuningdek, qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimidagi ta’lim tashkilotlarini kompleks va maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibini belgilovchi yangi nizom tasdiqlandi.
Mazkur hujjatga muvofiq, ta’lim muassasalari quyidagi bosqichlar orqali davlat akkreditatsiyasidan o‘tadi:
1. Arizani rasmiylashtirish;
2. Ichki sifat monitoringi (o‘zini o‘zi baholash);
3. Tashqi baholash (ekspertiza);
4. Yakuniy qaror qabul qilinishi.
Shuningdek, ta’lim dasturlarini maxsus akkreditatsiyadan o‘tkazish uchun har yili 1-oktabrdan boshlab 31-yanvarga qadar arizalar qabuli belgilandi. Arizaga tashkilotning litsenziyasi yoki guvohnoma nusxasi, to‘lov amalga oshirilganligi haqidagi hujjat va akkreditatsiya jarayonlariga mas’ul xodim haqidagi ma’lumotlar ilova qilinadi.
Ta’lim muassasalari tomonidan topshirilgan arizalar 15 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan ta’lim dasturlariga 7 kun ichida maxsus sertifikat beriladi va ushbu dastur asosida mutaxassislar tayyorlashga ruxsat etiladi.
Mazkur tartib, mamlakatda ta’lim sifati va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash tizimini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.


