Tovar-xom ashyo birjasining maʼlum qilishicha, joriy yil boshidan buyon birjada bug‘doy va un bozorlari barqarorlik saqlab kelyapti. Xususan, yanvar-mart oylarida mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan 295,5 ming tonna un va 321,4 ming tonna bug‘doy mahsulotlari ochiq birja savdolari orqali barcha tadbirkorlik subyektlariga erkin sotilgan.
Hisobot davrida birjada un mahsulotining o‘rtacha sotilish narxi bir tonnasi uchun 4 million 686 ming so‘mni hamda bug‘doyning o‘rtacha sotilish narxi bir tonnasi uchun 3 million 523 ming so‘mni tashkil qilgan.
Qayd etilishicha, o‘tkazilgan birja savdolari davomida un va bug‘doy uchun birja narxlari talab va taklif asosida shakllanib, tuzilgan bitimlar doirasidagi barcha to‘lovlarni amalga oshirilishi birjaning hisob-kitob kliring palatasi orqali kafolatlandi.
Bundan tashqari, joriy yil yanvar-mart oylarida birjaning xorijiy savdo maydonchalari orqali 68,8 ming tonna un hamda 303,8 ming tonna bug‘doy import qilindi va bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan umumiy hisobda 80 ming tonnaga ko‘pdir.
Birjaning un va bug‘doy bozorlarida taklifining yetarli darajada bo‘lganligi ularning narxlarini barqaror saqlanishiga o‘z ijobiy taʼsirini ko‘rsatgan.


