1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

O‘zbekistonda vazirlik rahbarlari nomidan ochilgan soxta akkauntlar haqida ogohlantirish berildi

Qayd etilishicha, so‘nggi kunlarda noma’lum shaxslar tomonidan ochilgan soxta akkauntlar orqali tizim tashkilotlari rahbarlari va xodimlariga turli xabarlar yuborilgan.

O‘zbekistonda vazirlik rahbarlari nomidan ochilgan soxta akkauntlar haqida ogohlantirish berildi

 

 

O‘zbekistonda vazirlik va tashkilot rahbarlari nomidan soxta Telegram akkauntlar ochilib, ular orqali turli mazmundagi yolg‘on xabarlar tarqatilayotgani haqida rasmiy ogohlantirish berildi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lum qildi.

 

Qayd etilishicha, so‘nggi kunlarda noma’lum shaxslar tomonidan ochilgan soxta akkauntlar orqali tizim tashkilotlari rahbarlari va xodimlariga turli xabarlar yuborilmoqda. Ayrim holatlarda xodimlarga go‘yoki shaxsiy ma’lumotlar noqonuniy tarqatilgani yuzasidan ichki tekshiruv o‘tkazilayotgani haqida asossiz ma’lumotlar yetkazilgan.

 

Shuningdek, soxta akkauntlar orqali o‘zini mas’ul tashkilot xodimi sifatida tanishtirgan shaxslar yaqin vaqt ichida bog‘lanib, savollar berishi mumkinligi haqida ogohlantiruvchi xabarlar ham yuborilgan. Mutasaddilar bu kabi murojaatlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlamoqda.

 

Vazirlik fuqarolar va tashkilot xodimlarini ijtimoiy tarmoqlar orqali kelayotgan shubhali xabar va topshiriqlarga ehtiyotkorlik bilan yondashishga chaqirdi. Xususan, rasmiy manbalarga aloqadorligi tasdiqlanmagan akkauntlarga ishonmaslik, shaxsiy va xizmatga oid ma’lumotlarni taqdim etmaslik tavsiya etildi.

 

Avvalroq ham yuqori lavozimli shaxslar nomidan soxta akkauntlar ochilgani aniqlangan. Jumladan, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov nomidan ochilgan akkauntlar orqali sportchilar va sport sohasi vakillariga xabarlar yuborilib, turli ma’lumotlarni qo‘lga kiritishga urinish holatlari qayd etilgan.

 

Shuningdek, Raqobat qo‘mitasi nomidan tadbirkorlar va fuqarolarning elektron pochta manzillariga ham soxta xabarlar yuborilgan. Mutasaddilar bunday holatlarda faqat rasmiy sahifalar va tasdiqlangan manbalarga ishonish zarurligini eslatdi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика