O‘zbekistonda sud-huquq tizimini yanada ochiq va fuqarolarga yaqin qilishga qaratilgan islohotlar izchil davom ettiriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 26-dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga qilgan murojaatnomasida ma’lum qildi.
Davlat rahbari odil sudlov jarayonini “raqamli sud” konsepsiyasi asosida tashkil etish ishlari boshlanganini ta’kidladi. Endilikda tergov jarayonlarini ham to‘liq raqamlashtirish orqali inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlari kuchaytiriladi. Jinoyat haqidagi arizani qabul qilishdan tortib, ishni sudga oshirishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etilib, inson omili imkon qadar qisqartiriladi.
Qayd etilishicha, tergov sudyalari faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi xalqaro miqyosda tan olingan “Xabeas korpus” institutini amaliyotga tatbiq etishda muhim bosqich bo‘ldi. 2026-yildan boshlab tergov sudyalariga sanksiyalar hamda majburlov choralarini o‘zgartirish yoki bekor qilish vakolatlari ham beriladi.
Odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik ishtiroki kengaytiriladi. Jinoyat protsessiga ingliz huquqi tizimiga ega davlatlarda samarali natija bergan “Xalq vakillari hay’ati” instituti bosqichma-bosqich joriy etiladi. Ushbu mexanizm o‘ta og‘ir hamda jamiyatda keng muhokamaga sabab bo‘layotgan jinoyat ishlarini jamoatchilik vakillari ishtirokida ko‘rib chiqish imkonini yaratadi va sud hukmlarining adolatliligini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, sud qarorlari ijrosini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Prezident majburiy ijro jarayonida samarali muqobil mexanizmlarni joriy etish rejalashtirilayotganini ta’kidladi.


