Xorijiy til oʻqituvchilari uchun sertifikat olish muddati 2025-yil oxirigacha uzaytirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri xorijiy til oʻqituvchilariga qoʻyilgan sertifikat talabi yuzasidan yangi buyruq imzoladi.
Hujjatga koʻra:
Umumiy oʻrta taʼlim maktablarida faoliyat yuritayotgan xorijiy til oʻqituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega boʻlishlari shart. Ushbu talab saqlanib qolgan holda, sertifikatga ega boʻlmagan pedagoglarga 2025-yil yakuniga qadar faoliyatini davom ettirishga ruxsat berildi.
Amal qilish muddati oʻquv yili davomida tugaydigan sertifikat egalari oʻquv yilining oxirigacha ishlash imkoniyatiga ega boʻladi.
Muddatsiz sertifikatlarning amal qilish muddati olingan kundan boshlab 3 yil etib belgilandi.
Joriy oʻquv yilida vakant lavozimlarga oliy taʼlim muassasalarida xorijiy til mutaxassisligi boʻyicha tahsil olayotgan va sertifikatga ega boʻlgan 3–4-kurs talabalari jalb qilinadi.
2025-yil 1-dekabriga qadar sertifikati yoʻq oʻqituvchilar uchun malakali mutaxassislar ishtirokida qoʻshimcha oʻquv mashgʻulotlari tashkil etiladi va ularning imtihonlarda ishtiroki taʼminlanadi.
Buyruq ijrosi yuzasidan nazorat vazirning birinchi oʻrinbosari zimmasiga yuklatildi.


