O‘zbekistonda Xitoydan olib kirilayotgan mandarin va ananas mevalari importiga vaqtinchalik taqiq joriy etildi. Bu haqda Karantin va o‘simliklarni himoya qilish agentligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mazkur qaror Xitoydan yetkazib berilayotgan mevali mahsulotlar partiyalarida o‘simliklar karantini obyektlarining muntazam aniqlanayotgani bilan bog‘liq. Import qilingan mandarin va ananaslarning tanlab olingan namunalari Markaziy fitosanitariya laboratoriyasida ekspertizadan o‘tkazilgan.
Laboratoriya tekshiruvlari natijasida sitrus oq-qanoti (Dialeurodes citri Ashmead), Sharq sitrus qalqondori (Unaspis yanonensis Kuwana) hamda ananas unsimon qurti (Dysmicoccus brevipes Cockerell) kabi karantin ostidagi zararli organizmlar aniqlandi. Ushbu zararkunandalar 20 ga yaqin yuk partiyalarida qayd etilgani ma’lum qilindi.
Zararlangan mahsulotlar aniqlangani haqida Xitoy Xalq Respublikasining o‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha milliy tashkiloti rasman xabardor qilinib, tegishli hujjatlar va ma’lumotlar taqdim etildi.
Taqiq amal qilayotgan davrda Xitoydan olib kelinishi rejalashtirilgan mandarin va ananas mahsulotlari uchun karantin ruxsatnomalarini rasmiylashtirish vaqtincha to‘xtatildi. Mazkur cheklovlar taqiqqa sabab bo‘lgan omillar to‘liq bartaraf etilgunga qadar amal qiladi.
Ushbu choralar O‘zbekiston hududiga xavfli karantin organizmlarining kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida joriy etildi.


