Turizm sohasida xizmatlar sifatini oshirish va sayyohlar uchun maksimal darajada qulay muhit yaratish maqsadida, Turizm qo‘mitasi huzuridagi davlat unitar korxonasi “Turistlarga xizmat ko‘rsatish markazi” tomonidan premium toifadagi avtomobillar asosida transport xizmatlarini yo‘lga qo‘yish choralari ko‘rildi.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasida sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, mamlakat imidjini zamonaviy, mehmondo‘st va xalqaro mezonlarga mos sayyohlik manzili sifatida mustahkamlashga qaratilgan. Yangi xizmatlar xorijiy va mahalliy sayyohlarga aeroport transferlari, shahar ichidagi ekskursiyalar hamda shaharlararo safarlar uchun yuqori darajadagi transport vositalaridan foydalanish imkonini beradi.
Avtopark quyidagi transport vositalari bilan jihozlangan:
Mercedes-Benz S-Class 222/223 — biznes va VIP mehmonlar uchun mo‘ljallangan;
Mercedes-Benz Sprinter mikroavtobusi — kichik guruhlar uchun;
Katta sig‘imli zamonaviy avtobuslar — ommaviy va guruhli tashriflar uchun.
Ushbu transport vositalari iqlim nazorati tizimi, Wi-Fi, yuqori darajadagi charm o‘rindiqlar, xavfsizlik tizimlari va xorijiy tillarni biladigan professional haydovchilar bilan ta’minlangan.
Bunday xizmatlar ayniqsa xalqaro darajadagi tadbirlar, ishbilarmonlik forumlari, rasmiy delegatsiyalar, shuningdek yakka tartibdagi va guruhli sayyohlik marshrutlari doirasida muhim ahamiyat kasb etadi.
Turizm qo‘mitasi mamlakatning jozibadorligini oshirish, qulay va xavfsiz sayyohlik infratuzilmasini shakllantirish, shu jumladan transport infratuzilmasini zamonaviylashtirish borasidagi ishlarni izchil davom ettirmoqda.


