Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 12-iyul kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida "Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishni jadallashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Taʼkidlanishicha, qonun loyihasi bilan umumiy quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan qayta tiklanadigan energiya manbalari qurilmalaridan foydalangan holda umumiy tarmoqqa sotilgan elektr energiyasidan olinadigan daromadlarni foyda solig‘idan ozod etish taklif etilmoqda.
Shuningdek, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanuvchi jismoniy va yuridik shaxslarni mol-mulk solig‘idan, qurilmalar bilan band bo‘lgan yerlar bo‘yicha yer solig‘idan ozod etish nazarda tutilmoqda.
Deputatlarning taʼkidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi aholi va tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirish orqali respublika hududlarida energiya taqchilligini bartaraf etish, bu boradagi ishlarni kompleks tashkil etish hamda investorlar uchun qulay sharoitlar va rag‘batlantirish mexanizmlarini belgilash imkonini beradi.
Majlisda qonun deputatlar tomonidan qabul qilindi.


