Kecha, 21 noyabr kuni “Agrar sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Agrar sohani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini raqamlashtirish orqali mehnat va vaqt resurslari sarfini 2 baravarga qisqartirish, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohalarida faoliyat yuritayotgan tadbirkolarga davlat tomonidan ko‘rsatiladigan qo‘llab-quvvatlash choralarini unifikatsiya qilish orqali ularning sonini 2028 yil yakunigacha 50 foizgacha qisqartirish mazkur Farmonning asosiy maqsadlari etib belgilandi.
Farmonga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Agrar sohada to‘lovlar agentligi tashkil etiladi.
Agentlik qo‘llab-quvvatlash choralarining yangi turlarini joriy qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.
Qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rsatish uchun arizalarni topshirishdan boshlab, ularni ko‘rib chiqish, maʼqullash va to‘lov jarayonigacha bo‘lgan barcha bosqichlarni to‘liq raqamlashtiradi.
2026 yil 1 yanvardan mazkur Farmonda belgilangan qo‘llab-quvvatlash choralari Agentlik tomonidan amalga oshiriladi.
Qo‘llab-quvvatlash choralari tadbirkorlarga alohida maxsus hisob raqamlar (23210) ochish orqali moliyalashtiriladi.


