Unga ko‘ra, O‘zbekiston Islom sivilizasiyasi markazini rivojlantirish bo‘yicha jamg‘arma tashkil etiladi. Markaz direktori esa shu jamg‘arma mablag‘larini tasarruf etadi.
Qonunda aytilishicha, jamg‘armaga mablag‘ quyidagilardan moliyalashtiriladi:
- davlat byudjeti;
- xorijiy moliya institutlari va donorlarining ko‘maklari va grantlari;
- homiylik xayriyalari;
- qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Ma’lum bo‘lishicha, jamg‘arma mablag‘i ilmiy adabiyotlarni yaratish, chop etish, noyob asarlar va hujjatlarni xarid qilish orqali markaz kitob fondini kengaytirish uchun sarflanadi. Bundan tashqari, mablag‘ ilmiy tadqiqotlarga ko‘maklashish, tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash uchun grantlar ajratish, ilmiy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etish sohalariga ham yo‘naltiriladi. Shuningdek, markaz o‘zi uchun kadrlar tayyorlash, faoliyat uchun zarur bo‘lgan multimedia qurilmalari va dasturiy ta’minotlar xarid qilish uchun ham jamg‘arma mablag‘laridan foydalanadi.
Ta’kidlanishicha, markaz huzurida Samarqand qog‘ozi, muqovasozlik va xattotlikning qadimiy an’analarini tiklash bo‘yicha laboratoriya tashkil etiladi. Unga zarur bo‘lgan moddiy-texnik asboblarni xarid qilish va mutaxassislar uchun ish haqi ham jamg‘arma hisobidan moliyalashtiriladi. O‘z o‘rnida, laboratoriya tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot sinovlarini realizasiya qilishdan tushgan mablag‘ markaz va laboratoriya faoliyatini rivojlantirishga sarflanadi.


