1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi – jahon miqyosidagi noyob intellektual makon

Markaz nafaqat yirik me’moriy majmua, balki zamonaviy ilmiy-tadqiqot infratuzilmasi, ilg‘or muzey texnologiyalari, zamonaviy kutubxona, milliy va xalqaro arxiv tizimi hamda raqamli gumanitar platformalarni o‘zida mujassam etgan noyob sivilizatsion makondir.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi – jahon miqyosidagi noyob intellektual makon

 

Bundan roppa-rosa bir yil avval — 2025-yil 29-yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, markaz ekspozitsiyalarida 2 mingdan ortiq mahalliy va xorijiy olimlar tomonidan ishlab chiqilgan ilmiy-innovatsion loyihalardan keng foydalanish bo‘yicha muhim tavsiyalar va aniq topshiriqlar bergan edi.

 

Mazkur tashrif chin ma’noda tarixiy voqea bo‘ldi. Oradan o‘tgan bir yil davomida Markaz binosi to‘liq qurib bitkazildi, uning faoliyatini takomillashtirish va mazmunan boyitish yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Ushbu jarayonga 40 dan ortiq mamlakatdan yetakchi mutaxassislar, dizaynerlar va olimlar jalb etilib, Prezidentimizning g‘oya va tashabbuslari asosida barpo etilgan mazkur megalo­yiha xalqaro miqyosdagi hamkorlik markaziga aylandi.

 

2025-yil sentabr oyida davlat rahbari BMT Bosh Assambleyasining yuksak minbaridan so‘zlagan nutqida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurib bitkazilgani va yaqin fursatda foydalanishga topshirilishi haqida jahon hamjamiyatiga ma’lumot berdi. O‘tgan davr mobaynida Markazning ichki kontenti yanada boyitildi, ekspozitsiyalar mukammal shakllantirildi va u bugun dunyo e’tiboridagi betakror ilmiy-ma’naviy maskanga aylandi.

 

Hozirgi kunda Markazga dunyoning turli nuqtalaridan oliy martabali mehmonlar, davlat va hukumat rahbarlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari tashrif buyurib, sivilizatsiyalar, tarixiy shaxslar va ilmiy kashfiyotlarga bag‘ishlangan noyob ilmiy loyihalar bilan yaqindan tanishmoqda. Jahonning taniqli siyosatchilari va jamoat arboblari ushbu haqiqatni ochiq e’tirof etmoqda.

 

Bugungi globallashuv sharoitida insoniyat chuqur sivilizatsion sinovlar davrini boshdan kechirmoqda. Texnologik taraqqiyot ko‘plab hollarda axloqiy anglashdan ilgarilab ketmoqda, geosiyosiy qarama-qarshiliklar, madaniy o‘zlik inqirozi va diniy ekstremizm insoniyat oldiga yangi chaqiriqlarni qo‘ymoqda. Ana shunday murakkab sharoitda sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotning bunyodkor mohiyatini tiklay oladigan yangi platformalarga ehtiyoj keskin ortib bormoqda.

 

Aynan shu tarixiy pallada Yevroosiyoning qoq markazida — buyuk sivilizatsiyalar va ilmiy maktablar tutashgan zaminda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etildi. Bu loyiha tasodifiy emas, balki O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning chuqur strategik dunyoqarashi va uzoqni ko‘zlagan siyosiy irodasining bevosita ifodasidir.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017-yilda BMT minbaridan turib, islom sivilizatsiyasining jahon tarixidagi haqiqiy o‘rnini tiklash, dinning asl mohiyati — ma’rifat, ilm-fan va insonparvarlik ekanini dunyo hamjamiyatiga yana bir bor eslatgan edi. Ushbu konseptual yondashuv bugun Islom sivilizatsiyasi markazida o‘zining amaliy va institutsional ifodasini topdi.

 

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Markazga tashrifi chog‘ida mazkur tashabbusga yuksak baho berib, Prezident Shavkat Mirziyoyevni muloqot, ma’rifat va o‘zaro hurmat g‘oyalarini izchil ilgari surayotgan nufuzli yetakchi sifatida e’tirof etdi. Bu baho O‘zbekistonning global jarayonlardagi roliga berilgan xalqaro e’tirofdir.

 

Markaz nafaqat yirik me’moriy majmua, balki zamonaviy ilmiy-tadqiqot infratuzilmasi, ilg‘or muzey texnologiyalari, zamonaviy kutubxona, milliy va xalqaro arxiv tizimi hamda raqamli gumanitar platformalarni o‘zida mujassam etgan noyob sivilizatsion makondir. Bu yerda islom sivilizatsiyasi buyuk ilmiy inqiloblar, akademiyalar, tibbiyot, falsafa va san’at rivoji bilan uzviy bog‘liq holda yoritiladi.

 

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Markazni ilmiy, turistik va etnomadaniy ahamiyatga ega ulkan loyiha sifatida baholagan bo‘lsa, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ushbu maskan islomning bunyodkorlik va bag‘rikenglik mohiyatini butun dunyoga namoyon etishini ta’kidladi.

 

Markaz faoliyatida madaniy merosni qaytarish yo‘nalishi ham alohida o‘rin tutadi. Prezident topshirig‘iga muvofiq yo‘lga qo‘yilgan diplomatik va institutsional mexanizmlar orqali dunyoning yetakchi auksion uylari va muzeylari bilan hamkorlik o‘rnatildi. Natijada yurtimizga Ibn Sino va Beruniy qo‘lyozmalari, Temuriylar davri miniatyuralari hamda minglab noyob artefaktlar qaytarildi. Bu jarayon Markaziy Osiyoning sivilizatsion xotirasini tiklash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

 

Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb, Paragvay Prezidenti Santyago Penya va Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Markaz ekspozitsiyalarini yuqori baholab, uni zamonaviy dunyoda misli ko‘rilmagan ilmiy-ma’naviy muhit sifatida e’tirof etdilar.

 

Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Bayt ul-hikma, Ma’mun akademiyasi va Ulug‘bek madrasasi singari tarixiy ilmiy markazlarning zamonaviy davrdagi mantiqiy davomchisiga aylanmoqda. U faqat ilm saqlanadigan joy emas, balki sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot, anglashuv va bunyodkorlikni ta’minlovchi global intellektual maydondir.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика