Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistondagi umumtaʼlim maktablarida anʼanaviy (qog‘oz) kundaliklar va sinf jurnallari qayta joriy etilayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Mazkur maʼlumotlar huquqiy asosga ega emas.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi maʼlum qilishicha, davlat rahbarining 2018-yil 5-sentabrdagi 3931-sonli qarori hamda 2019-yil 29-apreldagi 5712-sonli Farmoniga muvofiq, hozirgi kunda mamlakatdagi barcha umumtaʼlim maktablarida o‘quvchilarning davomati va fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari eMaktab elektron jurnal tizimi orqali yuritib kelinmoqda.
Mazkur tizimni joriy etishdan maqsad — pedagoglarning ish yuklamasini kamaytirish, o‘quv jarayonini tashkil etishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishdan iborat. Bu tajriba xalqaro amaliyotda ham o‘z samaradorligini isbotlagan.
Elektron jurnal tizimi orqali ota-onalar farzandlarining taʼlim jarayoni va baholarini masofaviy tarzda kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lib, baholashda shaffoflik taʼminlanmoqda. Shuningdek, pedagoglar faoliyatidagi turli qogozbozliklar sezilarli darajada qisqartirilgan.
Shu munosabat bilan, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan maktablarda anʼanaviy kundaliklar va sinf jurnallariga qaytish bo‘yicha hech qanday topshiriq berilmagani, mamlakatda amalga oshirilayotgan raqamlashtirish jarayonlari ortga qaytmas tus olgani alohida taʼkidlanadi.


