O‘zbekistonda pensionerlarga qaratilgan telefon firibgarligi holatlari ko‘paygani qayd etildi. Nomaʼlum raqamlardan qo‘ng‘iroq qilayotgan shaxslar fuqarolarga pensiya miqdori yaqin oylar ichida oshirilishini aytib, shaxsiy va bank maʼlumotlarini qo‘lga kiritishga urinmoqda.
Pensiya jamg‘armasi maʼlumotiga ko‘ra, firibgarlar o‘zlarini bank yoki jamg‘arma xodimlari sifatida tanishtirib, pensiyalarni oshirish uchun go‘yoki ariza rasmiylashtirish zarurligini bildiradi. Shu bahona bilan ular fuqarolardan pasport maʼlumotlari, bank karta raqamlari, PIN-kodlar yoki SMS orqali yuborilgan tasdiqlash kodlarini so‘ramoqda. Ayrim hollarda maʼlumot taqdim etilmasa, to‘lovlar qayta hisoblanmasligi bilan qo‘rqitish holatlari ham kuzatilmoqda.
Jamg‘arma mutasaddilari jamg‘arma yoki bank xodimlari hech qachon telefon orqali shaxsiy maʼlumotlar yoki tasdiqlash kodlarini so‘ramasligini alohida taʼkidladi.
Fuqarolarga pasport maʼlumotlari, bank kartasi rekvizitlari hamda boshqa maxfiy maʼlumotlarni begona shaxslarga bermaslik tavsiya etildi.


