Bugungi kunda energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish jamiyat taraqqiyotining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanib bormoqda. Shu nuqtai nazardan, aholi o‘rtasida LED-yoritish moslamalaridan foydalanish eng keng tarqalgan va samarali amaliyotlardan biri sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, hozirda uy xo‘jaliklarining 87 foizi an’anaviy yoritish vositalaridan voz kechib, svetodiodli yoritish tizimiga o‘tgan. Ushbu jarayon elektr energiyasi iste’molini kamaytirish bilan birga, oilaviy xarajatlarni qisqartirish va atrof-muhitni muhofaza qilishga xizmat qilmoqda.
Ayrim hududlarda LED-yoritishga o‘tish jarayoni yanada faol kechmoqda. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy hamda Toshkent viloyatlarida svetodiodli yoritishdan foydalanayotgan uy xo‘jaliklari ulushi 90 foizdan oshgan.
Mazkur hududlarda energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda aholining ekologik madaniyati oshib borayotgani yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Ushbu ijobiy tajriba kelgusida boshqa hududlar uchun ham namuna bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.


