O‘zbekiston hududiga import qilinayotgan yuqori fitosanitar xavfga ega mahsulotlar muntazam ravishda nazoratdan o‘tkaziladi. Shu doirada olingan navbatdagi namunalar Markaziy fitosanitariya laboratoriyasida ekspertizadan o‘tkazildi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, Qozog‘iston Respublikasi orqali olib kirilgan mandarin partiyasida Aonidiella aurantii (Maskell) hamda Dysmicoccus brevipes (Cockerell) kabi zararli organizmlar aniqlangan. Qo‘shimcha tahlil natijasida ushbu 22,26 tonna mahsulotning Xitoy Xalq Respublikasida yetishtirilgani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan Xitoy tomoni bilan muzokaralar olib borilib, O‘zbekistonning fitosanitar talablariga javob beradigan hududlardan mahsulot eksportini yo‘lga qo‘yish choralari ko‘rilmoqda.
So‘nggi paytlarda Qozog‘iston orqali import qilinayotgan ayrim mandarin partiyalarida fitosanitar sertifikatlarda kelib chiqish mamlakati sifatida Janubiy Afrika Respublikasi, Turkiya yoki boshqa davlatlar ko‘rsatilgani, biroq yorliqlarda mahsulotning Xitoyda yetishtirilgani aniqlangan.
Zararli organizmlar aniqlangan mazkur mahsulot partiyasi ham aynan Xitoyda yetishtirilganligi sababli, Xitoyda yetishtirilgan mandarinlar importiga vaqtinchalik cheklov o‘rnatildi.
Shuningdek, Qozog‘iston Respublikasining mas’ul tashkilotlariga reeksport fitosanitar sertifikatlarini rasmiylashtirishda mahsulotning haqiqiy kelib chiqish mamlakatini ISPM №12 talablariga muvofiq to‘g‘ri ko‘rsatish bo‘yicha rasmiy so‘rov yuborilgan.


