Qirg‘iziston prezidenti maʼmuriyati uchun qurilayotgan binodan o‘zbekistonlik ishchi pastga quladi, deya xabar berdi Kun.uz.
Bishkek shahri Shoshilinch tibbiy yordam markazi direktori o‘rinbosari Yegor Borisov so‘zlariga ko‘ra, jabrlanuvchi 4-sonli klinik shifoxonasiga yotqizilgan.
Lenin tumani ichki ishlar bo‘limining maʼlum qilishicha, 6 avgust kuni soat 15.00 atrofida “102” xizmatiga binoda qurilish ishlari olib borayotgan ishchi balandlikdan yiqilib tushgani haqida murojaat kelib tushgan. Jabrlanuvchi shahar klinik shifoxonasiga yetkazilgan.
Aniqlanishicha, ishchi 1993 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib, hozir jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Uning ismi-sharifi va ahvoli haqida maʼlumot berilmadi.
Qayd qilinishicha, holat yuzasidan tergov boshlangan va ekspertiza tayinlangan.