O‘zbekistonning Ozarbayjondagi elchixonasi yana bir bor mamlakatimiz xalqaro tashuvchilarini yuk avtomobillari haydovchilariga nisbatan taqiq mavjud emasligini oldindan tekshirish amaliyotini joriy etishni tavsiya qilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu tavsiya "Yuqori Lars" nazorat-o‘tkazish punkti orqali Gruziya-Rossiya chegarasini kesib o‘tish vaqtida haydovchilarning Rossiya hududiga kirishiga ruxsat berilmayotgani holatlari davom etayotganiga asoslanmoqda.
Bunday harakatlarga chegarani kesib o‘tayotgan haydovchi bundan avvalroq Rossiya qonunchiligini buzgani, shu jumladan, turli jarimalarni to‘lamagani uchun deportatsiya qilinganlar ro‘yxatiga kiritilgani sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, yuz berayotgan ushbu holatlar COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashish doirasida qabul qilingan cheklovlar sababli ham murakkablashmoqda.
O‘z navbatida, o‘zbekistonlik diplomatlar har bir holat bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish, vatandoshlar manfaatlarini himoya qilish borasida maqsadli saʼy-harakatlarni amalga oshirmoqda.
Shu munosabat bilan, elchixona yana bir bor mamlakatimiz xalqaro yuk tashuvchilaridan Rossiya hududiga, shu jumladan, Ozarbayjon va Gruziya orqali tashuvlarni amalga oshirishdan oldin haydovchilarga xorijiy mamlakatga kirish uchun taqiq mavjud emasligini tekshirib ko‘rishni so‘raydi.


