31-dekabr — 5-yanvar kunlari O‘zbekistonning qator tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi e’lon qilindi. Bu haqda O‘zgidromet direktori Sherzodxo‘ja Habibullaxo‘ja ma’lum qildi. Ogohlantirish kutilayotgan yog‘ingarchilik va havo haroratining keskin o‘zgarishi bilan bog‘liq.
Xavf Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod, Kitob, Qamashi va Shahrisabz, Surxondaryo viloyatining Boysun, Qumqo‘rg‘on, Sariosiyo va Uzun tumanlarida qayd etilishi mumkin. Shuningdek, Samarqand viloyatining Nurobod, Qo‘shrabot, Samarqand va Urgut tumanlari ham xavf zonalariga kiradi.
Bundan tashqari, Jizzax viloyatining Baxmal va Zomin, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq, Parkent va Ohangaron tumanlari (Chatqol tizmasi tog‘lari), shuningdek Namangan viloyatining Pop tumanida ham qor ko‘chishi ehtimoli bor.
Mutasaddilar tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar, dam oluvchilar va ushbu hududlarda harakatlanayotgan haydovchilardan ehtiyot choralarini ko‘rishni so‘ramoqda. Zarur bo‘lmagan safarlardan voz kechish va ob-havo ogohlantirishlariga qat’iy amal qilish tavsiya etildi.


