Davlat rahbari hozirda “O‘zbekneftegaz” AJ va Davlat aktivlarini boshqarish agentligida yirik taftish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi. Tekshiruvlar davomida milliardlab so‘mlik talon-torojliklar aniqlangan.
Masalan, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining mansabdor shaxslari bozor qiymati kamida 250 milliard so‘mlik yer uchastkasini yopiq auksionga chiqarib, uni atigi 120 milliard so‘mga sotib yuborgan. Shu munosabat bilan kecha agentlik direktori A. Ortiqov lavozimidan ozod etildi.
Prezident so‘zlariga ko‘ra, bu holat xavfsizlik masalalariga mas’ul shaxslarning loqaydligi va yillik korrupsiya avj olishini ko‘rsatadi. Davlat xavfsizligi va iqtisodiy nazorat organlariga mansabdor xodimlarning javobgarligi masalasini chuqur o‘rganish topshirildi.
Shuningdek, komplayens xizmati va Davlat xavfsizlik xizmati tergov guruhlariga Davlat aktivlarini boshqarish agentligi mansabdorlariga qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini tekshirishda iqtisodiy masalalarga mas’ul mutaxassislarni jalb qilish topshirildi. Prezident topshiriqqa muvofiq, sotilgan davlat mulklari bo‘yicha barcha korrupsiyaviy sxemalarni aniqlash va jazo muqarrarligini ta’minlash lozimligi qayd etildi.


