
Pandemiya, bir tomondan, jahon iqtisodiyotiga kuchli zarba bergan bo‘lsa, ikkinchi tarafdan, baʼzi sohalar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochdi. Ayrim kompaniyalar uchun bu tom maʼnoda “oltin asr”ni boshlab berdi. 2020 yilda texnologiya, sog‘liqni saqlash va boshqa tarmoqlarda yangi milliarderlar paydo bo‘ldi. Quyida 2020 yilda pandemiya tufayli katta daromad ko‘rgan kompaniya va sohalar haqida so‘z yuritamiz.
Farmatsevtika korxonalari
Koronavirusning keng tarqalishi, eng avvalo, dori-darmon va shaxsiy himoya vositalariga talabni keskin oshirib yubordi. Shu bois baʼzi dori vositalari va tibbiy buyumlar taʼminotida tanqislik yuzaga keldi. Masalan, 2020 yil mart-aprel oylarida global miqyosda tibbiy niqoblar taqchilligi kuzatildi.
Baʼzi davlatlar bundan katta daromad ko‘rdi. Xususan, Xitoy 2020 yil butun dunyoga 88.1 milliard dollarlikshaxsiy himoya vositalarieksport qildi.
Vaksinalar ishlab chiqarish boshlangach farmatsevtika kompaniyalari aksiyalari narxi keskin o‘sdi. Masalan, Moderna aksiyalari 2020 yilda 550 foizga, BionTech'niki esa pandemiya davrida 160 foizga oshdi. 2020yilda dunyo miqyosida sog‘liqni saqlash sohasida 50 nafar yangi milliarder paydo bo‘ldi.
Ulardan biri Serjio Stevanato. U Italiyaning “Stevanato Group” kompaniyasi boshlig‘i bo‘lib, shisha flakonlar ishlab chiqaradi. Forbes maʼlumotlariga ko‘ra, kompaniya mahsulotlari 40dan ortiq vaksinalar uchun foydalaniladi. Stevanto boyligi bir yil ichida 1.8 milliard dollarga yetdi.
Texnologik gigantlar
IT va texnologik korporatsiyalar kapitali ham pandemiya davrida keskin o‘sdi. Masofaviy ish va taʼlimning ommaviy joriy etilishi sohaga katta foyda keltirdi.
Masalan, Zoom platformasi onlayn taʼlim va ishda eng ko‘p ishlatilgan dastur bo‘ldi. Ushbu dastur 2020 yilning yanvarida atigi 90 ming marta yuklangan bo‘lsa, 11 martda bir kun ichida 343 ming yangi foydalanuvchiga ega bo‘ldi. Aprel oyidaesa ilova 160 million marta yuklangan. Masofaviy taʼlim uchun Zoom eng muhim vositaga aylandi. Kopmaniya asoschisi Erik Yuanning boyligi 6 milliard dollardan oshdi.
Karantin tufayli ko‘ngilochar obyektlar faoliyati to‘xtatildi. Shundan keyin onlayn kinoteatr va ko‘ngilochar dasturlarga talab oshib ketdi. Masalan, Netflix obunachilari 2020 yilning birinchi choragida 183 millionga yetdi. Bir yil, yaʼni 2020 yil davomida esa 15.77 million yangi foydalanuvchi qo‘shildi.
Yetkazib berish xizmati
Pandemiya tufayli yetkazib berish xizmati ham keskin rivojlandi. Kafe va restoranlar yopilishi, ko‘chalarda harakatning keskin chegaralab qo‘yilishi mahsulotlarni uyga yetkazib berishga ehtiyojini oshirdi. Kuryerlik xizmatini yaxshi yo‘lga qo‘ygan ovqatlanish shoxobchalari inqirozdan kam talafot ko‘rdi.
2020 yilda yetkazib berish xizmati bozori 4 baravar o‘sdi. Bundan ko‘plab kompaniyalar katta foyda ko‘rdi. Masalan, Xitoyning Meituan kompaniyasi kontaktsiz kuryerlik xizmatini joriy qilib, uchuvchisiz qurilmalardan keng foydalandi. Natijada milliardlab dollar foyda olib, umumiy kapitali 200 milliard dollardan oshib ketdi.
Shuningdek, AQSHning Manna, Starship Technologies va Nuro kompaniyalari ham innovatsion texnologiyalar –– robot va sunʼiy intellektni joriy qildi.
Pandemiya qiyinchiliklar bilan birga, yangi formatda biznes yuritishga imkon berdi. Ro‘y bergan o‘zgarishlar iqtisodiyotda fan-texnika yutuqlarini keng qo‘llash imkonini bermoqda.
Jahongir Qo'ziyev


