Toliblar egallagan hududlarda bo‘sh uylarga duch kelishgan. Katta tahmin bilan aholi tog‘larga chiqib ketgan. Annabada turgan “Tolibon” vakillari aholini uylariga qaytishga chaqirgan. Ularning ta’kidlashicha, qurol ko‘targanlarning barchasi taslim bo‘lgandan so‘ng afv etiladi.
Kunning birinchi yarmida Ahmad Mas’udning Panjsher markazi Bazarak yaqinida paydo bo‘lgan suratlari tarqaldi. Mas’ud Parand aholi punktidagi blokpostlarni ko‘zdan kechirgan. Bundan shuni xulosa qilish mumkinki, toliblar viloyat markaziga yaqinlashib qolgan.
Qandahor viloyati kengashining sobiq raisi Sayid Jon Haqrizvol “Tolibon” bilan birga harakat qilayotgan pushtunlarni qoralab chiqdi. Uning so‘zlariga ko‘ra Panjsherdagi urush tarixda pushtunlar nomi qora bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Ma’lumot o‘rnida: “Tolibon” 15-avgust kuni Kobul shahrini jangsiz egallagandan keyin butun Afg‘onistonda hokimiyati o‘rnatilganini e’lon qildi. Hozirda faqatgina Panjsher viloyati toliblar tomonidan bo‘ysundirilmagan. Bu yerda Amrulla Solih va Ahmad Mas’ud boshchiligida qarshilik fronti tuzilgan.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval 8-sentyabr kuni “katta yettilik”ning Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan uchrashuv o‘tkazishi xabar qilingan edi.


