Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi. Unga ko‘ra, ayrim toifadagi o‘qituvchilarga bevosita malaka toifasi (yoki lavozimi) beriladi.
2025-yil 1-sentabrgacha navbatdagi attestatsiyadan o‘tmagan, shuningdek, attestatsiya muddati tugagan, lekin amaldagi malaka toifasi saqlanib qolgan pedagoglar quyidagi hollarda attestatsiyaga jalb etilmaydi va ularga mavjud lavozimi bo‘yicha haq to‘lanadi:
- 25 yil va undan ortiq pedagogik tajribaga ega bo‘lgan o‘qituvchilar;
- Pensiyaga chiqishiga 5 yildan kam vaqt qolgan pedagoglar;
- Oliy malaka toifasi yoki bosh o‘qituvchi lavozimiga ega bo‘lib, uni 15 yil davomida saqlagan va uzluksiz ishlagan pedagoglar;
- Hozirda pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanayotgan pensiya yoshidagi o‘qituvchilar.
Agar o‘qituvchi quyidagi mezonlardan biriga javob bersa, unga bevosita malaka toifasi beriladi:
- 25 yil va undan ortiq pedagogik ish staji bo‘lsa – amaldagi malaka toifasi;
- Pensiyaga chiqishiga 5 yildan kam vaqt qolgan bo‘lsa – amaldagi malaka toifasi;
- Oliy malaka toifasi yoki bosh o‘qituvchi lavozimiga ega bo‘lib, uni 15 yil davomida uzluksiz saqlagan bo‘lsa – oliy malaka toifasi.
Musiqa madaniyati va jismoniy tarbiya fani pedagoglari, pensiya yoshidagi o‘qituvchilar hamda oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan pedagoglar attestatsiyadan o‘tkaziladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi ilg‘or va malakali pedagoglar rag‘batlantiriladi. Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri jamg‘armasining faoliyati takomillashtiriladi.


