Si Szinpin Putinni “eng yaxshi do‘st” deb ataganiga qaramay, Xitoy BMTda Rossiyaning Ukrainadagi hujumini qoralovchi rezolyutsiyada Moskva tarafida turmadi. Ammo shu bilan birga Moskvaga qarshi davlatlar ro‘yxatida ham Pekin nomi yo‘q. Xitoy qanday manfaatlarni ko‘zlamoqda? Rossiya Gʻarbning qattiq sanksiyalarining ortidan vujudga kelgan bo‘shliqni Sharqdagi qo‘shnisi bilan qalin aloqalar orqali toldira oladimi? BBC siyosatshunoslar va iqtisodchilar bilan shu masalada suhbat uyushtirdi. Birgalikda Gʻarbga qarshi? Ushbu haftada BMT bosh assambleyasida Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qoralovchi rezolyusiya qabul qilindi. Hujjatda Moskvadan ushbu harbiy operatsiyani darhol to‘xtatish to‘g‘risida talab bor edi. “Xitoy qat’iy qarshilik ko‘rsatmadi, bu esa Rossiyani yaqqol qo‘llab-quvvatlash sifatida baholandi. Shu bilan birga u Moskvani qo‘llab-quvvatlagani yo‘q. Fikrimcha, Xitoy yaqin istiqbolda vaziyatning barcha xavflari va imkoniyatlarini taroziga soladi hamda maksimal darajada ushbu masalada strategik noaniqlikni saqlab qolishga harakat qiladi”, – degan xitoyshunos Leonid Kovachich. Rasmiy vakillarning bosiq reaksiyasiga qaramay, Xitoy ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarida Vladimir Putinning so‘nggi chiqishlari katta taassurot qoldirdi. Uning nutqida xitoyliklar eng muhim nuqtani topishdi: “maxsus operatsiya” – bu Gʻarbga qarshi kurash. Putinning tarjima bilan berilgan chiqishi “virusli” videoga aylandi. Xitoyning Twitter analogi Weibo’da esa #putin10000wordsspeechfulltext (ya’ni, Putin nutqining to‘liq matni) xeshtegli video 24 soatda milliard martadan ortiq ko‘rildi. Gʻarbliklar harbiy amaliyotni qoralayotgan bir paytda, xitoylik internet foydalanuvchilari Rossiya prezidenti va maxsus operatsiyani olqishladi. Xitoy hukumati o‘zini bir muncha ehtiyotkorlik bilan tutdi – u hodisani “bosqin” sifatida atamadi va Moskva harakatlariga salbiy baho bermadi. Ammo uni ochiqcha qo‘llagani ham yo‘q. Masalan, urush boshlangan kuni Xitoy TIV rasmiy vakili Xua Chuin o‘zining har kunlik brifingida asosan AQSHni “bloklarni tashkil etish va mafkura asosida bo‘linishga qaratilgan” siyosatini tanqid qildi. Shu bilan birga u Pekin va Moskva mas’uliyat bilan harakat qilayotganini, xalqaro xavfsizlik va barqarorlikni qo‘llab-quvvatlayotganini qayd etdi. Xitoy ushbu operasiyani bosqin deb hisoblaydimi, degan savolga diplomat to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob bermadi. “Xitoy bir tomondan, Rossiya bilan strategik hamkorlikni saqlab qolish, hattoki kengaytirishga intilmoqda. Ikkinchi tomondan esa, u Moskvaga juda yaqinlashib ketmasligi kerak. Bu Pekinning o‘ziga Gʻarb tomondan sanksiyalar joriy etish xavfini vujudga keltiradi”, – deydi amerikalik ekspert Bredli Jardin. Putin qanday qilib kartalarni chalkashtirib tashladi? Xitoy qiyin vaziyatda qoldi. Bir tomondan, Pekin dunyoda barqaror va ochiq vaziyat bo‘lishidan manfaatdor – u bunday sharoitda qanday yashashni va qudratini oshirishni yaxshi biladi. Shu tomondan olib qaraganda, Ukraina tomoni bilan ham savdo aloqalariga ega xitoyliklarga bu holat hech qanday manfaat olib kelmaydi. Ammo Bredli Jardinning fikricha, boshqa tarafdan, Xitoyni Rossiya taklif qilayotgan ko‘p qutbli dunyo modeli va Gʻarbni zaiflashtirish konsepsiyasi ilhomlantiradi. Bundan tashqari, Moskva bilan hamkorlik unga AQSH va Yevropani muvozanatga solib turishga imkon beradi. Ammo bu yerda ham hammasi biz o‘ylaganchalik oddiy emas: rus armiyasi bosqini Gʻarb davlatlarining o‘ziga xos birligiga olib keldi. Bu yesa Pekinga noqulayliklar tug‘diradi. Ayrim Gʻarb ekspertlari boshqa narsadan: Xitoyda Ukraina va Tayvan paralleli vujudga kelishidan va uni kuch ishlatishga undashidan xavotir bildirmoqda. Ammo bu yerda Germaniya misoli tiyib turuvchi faktor bo‘lishi mumkin: “Shimoliy oqim-2” loyihasidan manfaatdor bo‘lsa-da, Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo‘shildi. Ukraina Xitoyga Yevropa rus gaziga muhtoj bo‘lishiga qaramay, yagona frontga aylanishini va qat’iy cheklovlar joriy etilishini ko‘rsatib berdi. “Xitoy juda qiyin vaziyatda qoldi: birinchidan, u Rossiya bilan iqtisodiy va siyosiy hamkorlikdan manfaatdor. Ikkinchidan, Ukraina bilan hamkorlik ham foydali. Uchinchidan, Pekin uchun Yevroittifoq bilan munosabatlar inqirozga uchramasligi muhim”, – deydi Leonid Kovachich. London qirollik kolleji professori Kerri Braunning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy tarixan ochiq bayonotlardan ko‘ra, “sahna orti” ishlarini ma’qul ko‘radi. U hozirda bu kabi muzokaralar olib borilmayotgan bo‘lsa-da, u istalgan paytda boshlanishi mumkinligini aytgan. “Аmmo Xitoyni balandroq va aniqroq gapirishga majbur qiladigan boshqa hodisalar ham yuz berishi mumkin. Bundan tashqari, hozirda yadro tahdidi haqida gap tarqaldi – Zaporojye AESdagi hodisani eslang. Fikrimcha, Pekin uchun Rossiya harakatlari - noto‘g‘ri yo‘nalishdagi ish”, – degan Kerri Braun. Jahongir Qo‘ziyev