Bugun, 25 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini manzilli qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Mazkur qarorga ko‘ra, quyidagi shaxslarga bir martalik yordam beriladi:
➖ yoshga doir, nogironlik pensiyasi va nafaqasini oluvchilarga, bolalikdan nogironlik nafaqasini hamda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini va nafaqasini oluvchi har bir oila a’zosiga hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishlash nafaqasini oluvchilarga (Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda – 300 ming so‘mdan, Toshkent shahrida – 400 ming so‘mdan).
➖ “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan sifatida moddiy yordam oluvchi oilalarga hamda kam ta’minlangan sifatida bolalar nafaqasini oluvchi oilalarning har bir 18 yoshga to‘lmagan bolasiga – 200 ming so‘mdan.
Qayd etilishicha, bir nechta toifa bo‘yicha bir martalik moddiy yordam olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga bir martalik moddiy yordam har bir toifa bo‘yicha to‘lab beriladi.
Shuningdek, qarorda bir martalik yordam to‘lovlari ikki hafta muddatda to‘liq to‘lab berilishi ko‘rsatib o‘tilgan.


