Peru hukumati mamlakat poytaxti Lima va unga tutash Kallao shahrida 30 kunlik favqulodda holat eʼlon qildi. Bu haqda Reuters, AP News va Al Jazeera nashrlari xabar berdi.
Prezident Xose Jeri 22 oktyabr kuni imzolagan farmonga ko‘ra, favqulodda holat jinoyatchilik darajasining keskin oshgani sababli joriy etilgan. Hujjatga binoan, bu davr mobaynida fuqarolarning to‘planish va harakatlanish erkinligi cheklanadi, shuningdek, ko‘cha patrullari vaqtida armiyaga kengroq vakolatlar beriladi.
Rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, joriy yilda Limada 1600 dan ortiq qotillik sodir etilgan — bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlardan ancha yuqori. Politsiya mamlakatda faoliyat yuritayotgan qurolli jinoiy guruhlar, ayniqsa, narkotrafik va o‘g‘irlik bilan shug‘ullanuvchi to‘dalarga qarshi keng ko‘lamli operatsiyalar boshlashini maʼlum qilgan.
Favqulodda holat eʼlon qilinishi ortidan poytaxt ko‘chalarida qo‘shimcha harbiy bo‘linmalar joylashtirildi. Hukumat jinoyatchilikka qarshi qatʼiy chora ko‘rish zarurligini taʼkidlasa-da, inson huquqlari tashkilotlari bu qarorni tanqid qildi. Ular fikricha, avvalgi yillarda ham shunday choralar ko‘rilgan, ammo bu jinoyatchilik darajasini sezilarli darajada kamaytirmagan.
Eslatib o‘tamiz, Peru so‘nggi yillarda siyosiy beqarorlik, iqtisodiy muammolar va ijtimoiy noroziliklar bilan yuzlashib kelmoqda. Mutahassislar fikricha, Limadagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun harbiy kuchdan tashqari ijtimoiy va iqtisodiy islohotlar ham talab etiladi.


