AQShning Arizona shtatida yashovchi fuqaro pnevmonik vabo tufayli vafot etdi. Bu 2007-yildan beri ushbu kasallikdan qayd etilgan ilk o‘lim holatidir. Bu haqda Oxu.Az xabar berdi.
Kokonino okrugi sog‘liqni saqlash boshqarmasi rasmiylariga ko‘ra, marhumda laboratoriya tekshiruvlari natijasida Yersinia pestis bakteriyasi aniqlangan — aynan shu mikroorganizmlar pnevmonik vabo kasalligini keltirib chiqaradi.
"Pnevmonik vabo — bu o‘tkir va halokatli respirator infeksiyalardan biri bo‘lib, bemorlar orasida tez yuqishi bilan xavfli sanaladi", — deyiladi boshqarma bayonotida.
Mutasaddilar marhumning shaxsini oshkor qilmagan. Ta’kidlanishicha, pnevmonik vabo vaboning eng og‘ir va kam uchraydigan turi hisoblanadi, u nafas yo‘llariga bevosita ta’sir ko‘rsatadi hamda yuqori darajada yuqumli.


