Pokiston Afg‘oniston bilan chegarada to‘siqlar qo‘yishni oxirga yetkazmoqchi. Bu haqda Pokiston mudofaa vazirligi rasmiy vakili Babar Iftixor maʼlum qildi.
Unga ko‘ra, Islomobod “Dyurand chizig‘i” (Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi chegara shunday nomlanadi) bo‘ylab chegara to‘siqlari qo‘yishda davom etadi. Iftixorning so‘zlariga ko‘ra, Pokiston “xalqlarni bo‘lib yuborish”ni emas, balki o‘z fuqarolari xavfsizligini taʼminlashni istaydi. Shu bilan birga u mavjud muammo va to‘qnashuvlarni sabr va eʼtibor bilan hal etishga chaqirgan.
Maʼlumot o‘rnida: 24- va 30-dekabr kunlari “Tolibon” va Pokiston harbiylari o‘rtasida “Dyurand chizig‘i”da bir necha to‘qnashuv bo‘lib o‘tdi. Hozirda Kobul bu chiziqni rasmiy chegara sifatida tan olishni inkor qilmoqda.
“Dyurand chizig‘i” – 1893 yilda tashkil qilingan bo‘lib, Pokiston va Afg‘oniston hududini chegaralab bergan. Ammo chegara janubida ko‘plab pushtun qabilalari yashashini bahona qilib, Afg‘oniston uni tan olmay keladi.
Avvalroq afg‘on sudya ayollari Kanadaga evakuatsiya qilinishi haqida xabar berilgandi.
Jahongir Qo‘ziyev


