Pokiston va Afg‘oniston chegarasida joylashgan Xayber-Paxtunxva viloyatining Kurram tumanida Pokiston armiyasi pozitsiyalariga qurolli hujum uyushtirildi. Bu haqda “Free Iran” axborot manbasi xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, to‘qnashuv oqibatida 11 nafar harbiy, jumladan bir zobit va bir qo‘mondon halok bo‘lgan, bir necha kishi jarohat olgan.
Pokiston xavfsizlik xizmatlaridagi manbalar hujumni “Tehrik-e-Tolibon Pokiston” (TTP) guruhiga aloqador jangarilar amalga oshirganini ma’lum qildi. Ular bir vaqtning o‘zida bir necha yo‘nalishdan armiyaning chegara punktlariga hujum qilgan.
Ma’lumki, 2007-yilda tashkil etilgan TTP radikal shariat qonunlariga asoslangan islomiy davlat tuzishni maqsad qilib, Pokiston hududida harbiy va fuqarolik obyektlariga qarshi ko‘plab hujumlar sodir etgan. Guruhga 2018-yildan buyon Nur Vali Mas’ud rahbarlik qilib keladi.
Rasmiy manbalar hodisa tafsilotlari bo‘yicha tergov harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi.


