Pokistonda sobiq bosh vazir Imron Xon va uning rafiqasi Bushra Bibi korrupsiya bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha 17 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Pokiston Federal qidiruv agentligining maxsus sudi 20-dekabr kuni e’lon qilgan hukmga ko‘ra, Imron Xon va Bushra Bibiga davlat sovg‘alarini arzonlashtirilgan narxlarda sotib olish orqali qonunni buzganlik aybi qo‘yildi. Sud qaroriga binoan, ularga 10 yil ishonchni suiiste’mol qilish, 7 yil esa korrupsiyaga qarshi qonunchilikni buzish moddasi asosida jazo tayinlandi. Shuningdek, er-xotinga yirik miqdorda jarima jazosi ham belgilandi.
Mazkur ish Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon tomonidan rasmiy tashriflar chog‘ida Imron Xonga sovg‘a qilingan hashamatli soatlar bilan bog‘liq. Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu sovg‘alar davlat mulki hisoblangan bo‘lib, ularni belgilangan tartibdan chetga chiqqan holda juda past narxlarda sotib olish orqali davlat byudjetiga bir necha million rupiy miqdorida zarar yetkazilgan.
Imron Xon 2023-yil avgust oyidan buyon qamoqda saqlanmoqda. U avvalroq yer bilan bog‘liq boshqa korrupsiya ishi bo‘yicha 14 yilga hukm qilingan. Ma’lum qilinishicha, yangi 17 yillik jazo muddati avvalgi jazoni o‘tab bo‘lgach kuchga kiradi.
Sobiq bosh vazirning advokatlari sud qarorini adolatsiz deya baholab, hukm himoya tomonining dalillari to‘liq ko‘rib chiqilmasdan chiqarilganini bildirdi. Imron Xon mazkur qaror ustidan Islomobod Oliy sudiga apellyatsiya berish niyatida.
Xonning siyosiy partiyasi ushbu jinoyat ishlarini siyosiy bosim va tanlab jazolashning bir ko‘rinishi sifatida baholamoqda.


