Pokistonlik jurnalist va yozuvchi Muhammad Abbos Xonning “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti” nomli kitobi taqdimoti o‘tkazildi. Tadbirda Pokiston Respublikasi rasmiylari, siyosiy ekspertlar, ilm-fan namoyandalari, yozuvchilar, yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Kitob ilk bor 2025-yilda urdu tilida chop etilgan bo‘lib, unda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Uchinchi Renessans g‘oyasining zamiridagi ma’rifat, bunyodkorlik, tinchlik va muloqot qadriyatlari chuqur tahlil qilingan. Muallif Muhammad Abbos Xon — Pokistonning “Daily Ittehad” gazetasi O‘zbekiston va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus muxbiri.
Asarga Pokiston Bosh vaziri Muhammad Shahboz Sharif tomonidan yozilgan so‘zboshi ham kiritilgan. Unda Uchinchi Renessans tashabbusi Sharq ma’naviy merosi va umuminsoniy taraqqiyot uchun ulkan ahamiyat kasb etishi, O‘zbekiston tajribasi boshqa davlatlar, xususan Pokiston uchun ham ilhom manbai bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlangan.

Taqdimot davomida kitobning mazmun-mohiyati, unda keltirilgan tarixiy dalillar, Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Xayrli ish yaxshi niyatdan boshlanadi” degan g‘oyasi zamiridagi insonparvarlik konsepsiyasi haqida so‘z yuritildi. Muallifning fikricha, Uchinchi Renessans — zamonga bo‘ysunmaydigan abadiy g‘oya bo‘lib, kelajakning uyg‘un va samarali modelini shakllantirishga xizmat qiladi.

Tadbir ishtirokchilari kitobning nafaqat davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvga, balki O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni chuqurroq tushunishga yordam berishini ta’kidladilar. Shuningdek, asar Pokiston, Yevropa va boshqa mamlakatlarda ham yuqori baholanayotgani qayd etildi.
Taqdimot Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekistonning Islomoboddagi elchixonasi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Makhallalar uyushmasi, Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti tadqiqotlari instituti, Barqaror rivojlanish markazi hamda Pokistonning Toshkentdagi elchixonasi va “Daily ITTEHAD” media-korporatsiyasi hamkorligida tashkil etildi.


