Polsha aviasiya navigasiyasi xizmati (PANSA) xabariga ko‘ra, mamlakat sharqida — Belarus va Ukraina bilan chegaradosh hududda parvozlar vaqtincha cheklangan. Qaror 2025-yil 10-sentabrdan kuchga kirib, 9-dekabrgacha amal qiladi.
PANSA bayonotida aytilishicha, cheklovlar davlat xavfsizligini ta’minlash maqsadida joriy qilingan. Ushbu hududda fuqarolik dronlari kunu tun parvoz qila olmaydi. Tunda faqat harbiy samolyotlarga, kunduzi esa Polsha hukumatini oldindan ogohlantirgan havo kemalariga ruxsat etiladi. Favqulodda vaziyatlar, tabiiy ofatlar yoki shoshilinch tibbiy yordam uchun uchadigan samolyotlar bu tartibdan mustasno.
Shuningdek, hukumat va tibbiy aviatsiya parvozlari, ekologik xavf yoki tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan missiyalar ham ruxsat etilishi mumkin. PANSA qayd etishicha, belgilangan hududga ruxsatsiz kirish aviatsiya qonunchiligini buzish hisoblanadi.
Mazkur qaror Rossiya va Belarusning qo‘shma “Zapad-2025” harbiy mashg‘ulotlari fonida qabul qilingan. 10-sentabr kuni esa Rossiyaning Ukrainaga qilgan dron hujumi oqibatida ilk bor Polsha hududi ham zararlangan, kamida 19 dron mamlakat havo hududiga kirgani va ulardan to‘rt nafari urib tushirilgani xabar qilingandi. Shu sababli Varshava, Lublin va Jashuv aeroportlari vaqtincha faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ldi.


