1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Poytaxtdagi pulli to‘xtash joylari tariflari qayta ko‘rib chiqilishi kerak — XDP

Toshkentdagi pulli to‘xtash joylari tariflarining yuqoriligi jamoatchilikda e’tiroz uyg‘otmoqda. XDP narxlarni real daromadlarga moslash va jarayonni shaffof qilishni taklif qilmoqda.

Poytaxtdagi pulli to‘xtash joylari tariflari qayta ko‘rib chiqilishi kerak — XDP

 

So‘nggi yillarda Toshkent shahrida yo‘l-transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, xavfsiz va qulay shahar muhitini yaratish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirildi. Jumladan, poytaxt hokimligi qarori asosida 14 mingga yaqin pulli avtomobil to‘xtash joylari tashkil etildi. Ushbu tizim transport tartibini yaxshilashda muhim bo‘lsada, jamoatchilik orasida belgilangan tariflar yuzasidan munozaralar kuchaymoqda.

 

Aholining ko‘pchilik qismida to‘xtash joylaridan foydalanish uchun soatiga 12 ming so‘m miqdorida belgilangan to‘lovning yuqoriligi, tushayotgan mablag‘lar bo‘yicha ochiqlik yetishmayotgani borasida savollar paydo bo‘lmoqda. Ayniqsa, markaziy hududlarda 8 soat davomida to‘xtovsiz ishlaydigan fuqarolar uchun kunlik 100 ming so‘mlik to‘lov yuk bo‘layotgani, bu esa oylik xarajatlarni sezilarli oshirayotgani ta’kidlanmoqda.

 

Qo‘shni davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, pulli to‘xtash joylarida narxlar ancha past bo‘lib, aholi daromadlariga mos shakllantirilgan. Bu esa mavjud tariflar iqtisodiy asoslanishi va ijtimoiy adolat tamoyillariga qay darajada javob berayotganiga oid savollarni kuchaytirmoqda.

 

Xalq demokratik partiyasi jamoatchilik fikrini o‘rganish asosida quyidagi takliflarni ilgari suradi:

 

1. Tariflarni belgilashda aholining real daromadlari, ijtimoiy himoya darajasi va kundalik zarur ehtiyojlari inobatga olinishi shart.

 

2. To‘lov miqdorlari iqtisodiy jihatdan asoslanishi, mablag‘larning shakllanishi va sarflanishi bo‘yicha jamoatchilikka to‘liq ochiqlik ta’minlanishi zarur.

 

3. Davlat tibbiyot muassasalari, davlat xizmatlari markazlari, “Inson” markazlari, kutubxonalar yonidagi to‘xtash joylaridan ma’lum vaqt bepul foydalanish tartibi joriy etilishi lozim.

 

4. Savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari, sport, madaniyat va sog‘liqni saqlash maskanlari hududidagi to‘xtash joylarining kamida 5 foizi imtiyozli toifalar uchun bepul bo‘lishi qat’iy ta’minlanishi va bu ulushni oshirish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqilishi kerak.

 

5. Ayrim pulli to‘xtash joylarining “to‘xtash taqiqlanadi” belgisi qo‘yilgan hududlarda tashkil etilishi qonunchilikka zid holat bo‘lib, bu amaliyot darhol bartaraf etilishi lozim.

 

Shahar transport tizimini modernizatsiya qilish muhim vazifa bo‘lsa-da, u avvalo aholi manfaatlariga xizmat qilishi, ijtimoiy adolatga tayangan holda tashkil etilishi lozimligi ta’kidlandi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика