Bugun, 13-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev “Humo Arena” sport saroyiga tashrif buyurib, boks bo‘yicha jahon chempionatini tomosha qildi.
Qizg‘in va murosasiz o‘tgan bahslarda Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev qozog‘istonlik Dulat Bekbauovni, Hasanboy Do‘smatov fransiyalik Bilal Bennamani, Bahodir Jalolov kubalik Alexandro Arzolani yengib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
G‘oliblarga medallar va chempionlik kamarlarini Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirdi. Shuningdek, ularga Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) tomonidan ajratilgan mukofot pullari beriladi.
Musobaqaning so‘nggi kunida yana to‘rt nafar bokschi ringga chiqadi. Jahon chempionati 14 may kuni yakunlanadi.


