
Barcha sharoitlarga ega, keng, yorug‘ va shinam xonalarda dars o‘tishning gashti o‘zgacha. Ayniqsa, o‘quvchilar talabchan bo‘lsa. Ushbu maktablarga pedagoglar qanday qabul qilinadi? O‘qituvchining ish staji qanchalik muhim? Qanday hujjatlar zarur? Jurnalistlarni qiziqtirgan bu kabi savollarga Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida mutaxassislar tomonidan javob qaytarildi.
Qayd etilganidek, Agentlik tizimidagi maktablarga ishga kirish istagida bo‘lgan pedagoglar uchun “job.piima.uz” sayti tashkil etilgan.

— Saytga O‘zbekistonning barcha hududlarida faoliyat yuritayotgan pedagoglardan arizalar kelib tushgan va ishga kirish istagida bo‘lgan nomzodlar uch bosqichli sinovdan o‘tkazildi, — deydi Agentlik matbuot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova. — Talabgorlar birinchi bosqichda veb-saytda ariza berish va hujjatlarni taqdim etishdi. Ikkinchi bosqichda esa o‘z fani doirasida test topshirishdi. Mazkur test sinovlari Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Jarayonning shaffoligini taʼminlash maqsadida onlayn shaklda tashkil etildi. Uchinchi bosqichda nomzodlar bilan ZOOM platformasi orqali suhbat olib borildi. Unda STEM fanlaridan dars beradigan o‘qituvchilar bilan ingliz tilida suhbat o‘tkazildi. Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktab pedagoglariga qo‘yiladigan birinchi talab ham aynan, ingliz tilini bilish. Veb-saytga jami 1 517 ta ariza kelib tushgan edi. Ularning 585 nafari saralash bosqichida ishtirok etdi.

Tadbirda ushbu maktablarga ishga kirish istagida bo‘lgan chet ellik o‘qituvchilar ham ariza topshirgani qayd etildi. Ularni saralab olishda ham bir qator talablar mavjud bo‘lib, talabgorlar Cambridge Curriculumda ishlay olishi, pedagog yondashuvi hamda isteʼdodli bolalar bilan ishlash amaliyoti hisobga olinadi.
Eslatib o‘tamiz, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul qilingan o‘qituvchilar ro‘yxati avgust oyining birinchi haftasida eʼlon qilinadi.
Bahriniso MADUMAROVA


