Prezident Shavkat Mirziyoyev Mirabbos Mirzaahmedov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Ijodkor 60 yildan ortiq faoliyati davomida ko‘plab mashhur telefilmlar va ko‘rsatuvlarni yaratdi, “Do‘stlik” va “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan taqdirlangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Mirabbos Mirzaahmedov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, atoqli rejissyor va teleboshlovchi Mirabbos Mirzaahmedovning vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etdi.

 

Mirabbos Mirzaahmedov 19-noyabr kuni 84 yoshida vafot etdi. U o‘zining nuroniy qiyofasi, donishmandligi, ko‘p yillik mahorati bilan 40 yildan ortiq vaqt davomida efirga uzatilayotgan “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi” ko‘rsatuviga yangi mazmun va ruh olib kirgan, ushbu dastur orqali jamiyatdagi ijtimoiy-ma’naviy masalalarga e’tibor qaratishda katta xizmat qilgan edi.

 

Ta’ziya maktubida davlat rahbari, shuningdek Senat raisi Tanzila Norboyeva, Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov, Bosh vazir Abdulla Aripov va Sh.Turdiyev Mirabbos Mirzaahmedovning o‘zbek televideniyasi va madaniyatining taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasini alohida ta’kidlab, marhumning xotirasi xalqimiz qalbida doimo e’zozlanishini bildirdilar.

 

Ijodiy faoliyati

 

1941-yil 30-sentabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan Mirabbos Mirzaahmedov Toshkent teatr va rassomlik institutida ta’lim olgan. Mehnat faoliyatini O‘zbekiston teleradiokompaniyasida boshlagan ijodkor 60 yildan ortiq muddat davomida: “Yoshlar” tahririyatida rejissyor va bosh rejissyor, “O‘zbekiston” telekanalining oliy toifali rejissyori, “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi” dasturining rejissyori va boshlovchisi sifatida samarali xizmat qildi.

 

U tomonidan suratga olingan “Bahor qaytmaydi”, “Izlayman”, “Qalbingga quloq sol”, “Bahs”, “Uch ildiz”, “Dunyoning ishlari” kabi telefilmlar milliy ruh, teran mazmun va xalqchil uslubi bilan keng auditoriya e’tiborini qozongan.

 

Mirabbos Mirzaahmedovning san’atdagi xizmatlari yuksak e’tirof etilib, u “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoniga, “Mehnat shuhrati” va “Do‘stlik” ordenlariga sazovor bo‘lgan.

 

Taniqli san’atkorning samimiyligi, donoligi, yosh avlodga mehribon ustozligi, televideniye rivojiga qo‘shgan hissasi xalqimiz xotirasida hamisha yashaydi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика