O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Islomobod shahriga davlat tashrifi doirasida “Ayvoni Sadr” qarorgohida Pokiston Prezidenti Asif Ali Zardoriy bilan tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, strategik sheriklikni mustahkamlash hamda siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni chuqurlashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Pokiston tomoni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yuqori baholadi. Tomonlar so‘nggi yillarda tovar ayirboshlash hajmi, qo‘shma korxonalar soni va kooperatsiya loyihalari izchil ortib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Muzokaralar davomida ikki davlat o‘rtasida savdo hajmini yaqin istiqbolda 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha qo‘shma choralarni muvofiqlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Hududlararo hamkorlikni kengaytirish maqsadida birinchi Hududlararo forumni joriy yilda o‘tkazish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. Hududlararo forumning birinchi yigʻilishini shu yil Xivada oʻtkazishga kelishib olindi.
Shuningdek, tomonlar xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish, madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish, ta’lim, ekologiya, sport va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni ilgari surish muhimligini ta’kidladilar.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Prezidenti Pokiston Prezidentini O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.


